Yangiliklar

10/09/2022

Qoraqalpog‘iston tadbirkorlari uchun yangi tashabbuslar, imtiyoz va imkoniyatlar

Prezident Shavkat Mirziyoev Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgi Kengesining navbatdan tashqari 34-sessiyasida 26 avgust kuni ishtirok etdi.

Prezidentimiz viloyatning so‘nggi 6 yildagi rivojlanishiga alohida e’tibor qaratdi: Qoraqalpog‘istonni kompleks rivojlantirishga qaratilgan 31 ta farmon va qarorlar qabul qilindi, tadbirkorlik sub’ektlari soni 2 barobarga ko‘paytirildi, 4500 ga yaqin investitsiya loyihalari ishga tushirildi, Qoraqalpog‘istonni ichimlik suvi bilan ta’minlash 40 foizdan 68 foizga oshirildi, maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 32 foizdan 76 foizgacha oshdi, aholi jon boshiga daromadlar 2 baravar ko’paydi.

Yig‘ilishda Prezident Qoraqalpog‘istonda qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga aniq topshiriqlar berdi.

Qaror loyihasini tayyorlash topshirildi, unga ko’ra mintaqada quyidagilar kamaytiriladi:

– foyda solig’i stavkasi – 15 foizdan 7,5 foizgacha;
– aylanma soliq stavkasi – Nukus shahrida 4 foizdan 2 foizgacha, tumanlarda 2 foizdan 1 foizgacha va olis hududlarda 1 foizdan 0,5 foizgacha;
– mol-mulk va yer soligʼi stavkalari – 2 baravar.
Joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlariga rejalashtirilgan 650 milliard so‘mga qo‘shimcha ravishda 200 milliard so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, 2025 yilgacha Qoraqalpog‘istonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) boʼyicha rejadan oshirib bajarilgan tushumlar Qoraqalpogʼiston byudjetida qoladi.

Qishloq xo’jaligidagi muammolarni hal qilish rejalari:
– yil yakuniga qadar 6 ming 620 gektar, kelgusi yilda esa 6 ming gektar paxta va g‘alla yerlarini qisqartirib, aholiga ijaraga berishni yo‘lga qo‘yish;
– ekin ekish xarajatlari uchun fermerlarga 200 milliard soʼm va dehqonlarga 50 milliard soʼm ajratish;
– suv ta’minotini yaxshilash maqsadida har bir quduqni burg‘ulash va ishga tushirish uchun 15 million so‘mgacha subsidiya ajratish va boshqa moliyaviy ko‘mak berish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda sanoat loyihalarini ko‘paytirish bo‘yicha mutasaddilarga quyidagi topshiriqlarni berdi:
– Investorlarga koʼmak markazini tashkil etish, unda qoraqalpogʼistonlik tadbirkorlarga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, subsidiya, kredit va kompensatsiya olish, mahsulotiga bozor topishga koʼmaklashish boʼyicha bepul xizmatlar koʼrsatish;
– Investorlarga koʼmak markazi qoshida Nukus shahridagi 10 gektar yer maydonida Sanoat texnoparkini tashkil etish;
– Kegeyli va Xoʼjayli tumanlarida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil etish;
– besh yil muddatga (2027 yilgacha) faqat Qoraqalpogʼiston tadbirkorlariga eksport mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun sotib olingan xom ashyolarni, mamlakatimiz boʼylab tashishda 70 foiz transport xarajatlarini qoplab berish tizimini yoʼlga qoʼyish va boshqa topshiriqlar.

Davlatimiz rahbari Qoraoʼzakda mis ishlab chiqarish, Qoʼngʼirotda yangi kaustik soda va boshqa kimyoviy moddalar ishlab chiqarish zavodlarini qurish kabi yirik loyihalarni qoʼllab-quvvatladi, deb xabar berdi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibining rasmiy kanali