Yangiliklar

17/12/2021

ImkonLab – orzular sari yo’l


Fotima Saparova (24 yosh) Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahrida onasi va singlisi bilan yashaydi. U Orol fojiasidan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududda tug‘ilib o‘sgan. Bu yerda ekologik muammolar kelajak haqidagi gap emas, balki har kungi mahalliy aholi yashaydigan bugungi kun haqiqatidir. Fotima ko‘pincha yoshlar o‘z hududining ekologik holatini yaxshilashga, tabiatini asrab-avaylashga oz bo‘lsa-da, hissa qo‘shishi kerak deb o‘ylardi.

Bunday imkoniyat Fotima va uning tengdoshlariga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va UNICEF hamkorligida tashkil etilgan ImkonLab loyihasi tomonidan taqdim etildi. ImkonLab ijtimoiy innovatsiyalar va ijtimoiy tadbirkorlik ko’nikmalariga ega bo’lish dasturidir.

Fotimaning jamoasi 2020-yil avgust oyida pandemiya avjiga chiqqan paytda o‘tkazilgan Qoraqalpog‘iston yoshlari uchun dasturning birinchi sinov bosqichida ishtirok etdi. Boshqa to‘qqizta jamoa bilan bir qatorda 7 kun davomida ijtimoiy innovatsiyalar bo‘yicha treningda qatnashdi va 1000 AQSh dollari miqdoridagi grantga ega bo’ldi. Uning g’oyalarini amalga oshirishda mentor-murabbiylar uni qo’llab-quvvatladilar.

“Pandemiya sharoitida boʻlganim uchun mashgʻulotlar qanday oʻtishi, biz nimalarni oʻrganishimiz va tinglovchilar qanday boʻlishi haqida oʻylardim”, deydi Fotima. “Men start-aplar, innovatsiyalar va ijtimoiy muammolarni hal qilish haqida ko’proq ma’lumot olishni kutgandim. Loyihadan kutganlarimning barchasi ro’yobga chiqdi. Bitta narsadan afsuslandim, u ham bo’lsa, ustozlar, trnerlar va ishtirokchilarni yuzma-yuz ko’risha olmadik. Men ular bilan bir stol atrofida o’tirishni juda istar edim. Trening kunlari hayotimdagi eng yaxshi kunlardan bo’ldi!”

Fotima ekologiyaga nisbatan mas’uliyatli va do’stona munosabatdagi qiz sifatida global ifloslanish muammolarining sabablaridan biri bo’lgan polietilen paketlardan foydalanishni kamaytirmoqchi edi. Loyihadan koʻzlangan maqsad “eko-sumkalardan foydalanishni ommalashtirish yo’li bilan polietilen paketlardan foydalanishni kamaytirish orqali atrof-muhit ifloslanishining oldini olish” edi.

Fotimaning jamoasi loyihani boshlaganida, ularning o‘zida eko-sumka nima ekanligi haqida aniq tushuncha yo’q edi. Ko‘plab savollar tug‘ildi: qaysi matodan tikish kerak, qanday asbob-uskunalar sotib olish zarur, eko-sumkalar sotib olinadimi va ularni qanday qilib ommalashtirish mumkin. Jamoa a’zolari bularni bilmas edilar.

“Biz ushbu loyiha bilan mintaqamiz ekologiyasini yaxshilashga oz boʻlsa-da, hissa qoʻshmoqchi boʻldik va foyda olishni birinchi oʻringa qoʻymadik”, – deydi Fotima. “Biz ushbu startap-loyihani boshlaganimizda ko‘p salbiy fikrlarni eshitdik va hozir ham eshityapmiz. Qoraqalpog‘istonda bunday loyihani amalga oshirish qiyin, chunki odamlar uni hozircha tushunmaydilar. Biroq biz to’xtamadik va faqat oldinga qarab ishlashda davom etdik».

Fotima va uning hamkorlari ushbu startap-loyiha tufayli Qoraqalpog‘iston aholisini ekomadaniyatga rioya qilishga o‘rgatish mumkinligiga ishonishadi. Ular sumka tikish bilan birga targ‘ibot-tushuntirish ishlarini ham olib borishdi. Endilikda ular o‘z mahsulotlariga buyurtmalar soni kundan-kunga ortib borayotganidan faxrlanishadi. Birinchi ulgurji buyurtmalar ham qabul qilindi.

Fotima boshchiligidagi yoshlar o‘z loyihasini yanada kengaytirish niyatida. Ular boshqa grantlar va tanlovlarda ishtirok etish uchun ariza berib, qo’shimcha uskunalar sotib olishni rejalashtirmoqdalar. Ularning maqsadi – qoraqalpoq naqshlari tushirilgan sumkalarni eksport qilish.

Ayni paytda Fotima Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Iqtisodiyot fakulteti 4-kurs talabasi bo‘lib, eko-sumka ishlab chiqarishda faoliyatini davom ettirmoqda. Uning mahsulotlarini Telegram @eco_sumok va Instagram @eco_bags.nks sahifalarida ko’rishingiz mumkin.

Fotima o‘zining orzularidan birini ro‘yobga chiqarishga yordam bergan loyiha haqida minnatdorchilik bilan so’zlaydi:

“ImkonLab loyihasi haqiqatda biz uchun yangi imkoniyatlar ochdi, buning uchun men UNICEF, Yoshlar ittifoqi va mentor-ustozlarimga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Loyihadagi ishtirokim tufayli hayotimda ko’p o’zgarishlar yuz berdi. Ushbu loyihada g‘olib bo‘lganimdan so‘ng turli xalqaro innovatsion konferensiyalarda ishtirok etdim, ekologiya va tadbirkorlik sohasida yuqori darajadagi odamlar bilan uchrashdim. ImkonLab – haqiqiy imkoniyatlar eshigi!»

Manba: UNICEF Uzbekistan/2020